“Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!” Namangan viloyati hokimi Bozarov Xayrullo Xayitbaevichning tadbirkorlarga murojaatnomasi

Mamlakatimizda so‘nggi uch yilda olib borilayotgan ulkan islohotlarning markazidan jamiyatimiz taraqqiyotining asosiy ustuni bo‘lgan tadbirkorlik o‘rin olayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.

Aholi bandligi va turmush darajasini oshirishda muhim o‘ringa ega bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ularning tizimli muammolarini hal etish maqsadida, mamlakatimizda oxirgi 3 yil mobaynida 50 dan ortiq Prezident Farmonlari va qarorlari qabul qilindi. Bu tadbirkorlik rivojiga bugungi O‘zbekiston siyosatida berilayotgan katta e’tiborning ko‘rsatkichidir. Maqsad - tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta’minlash.

Nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadigan siz azizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oldingizda paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash joylardagi har bir rahbarning asosiy vazifasi ekani aslida uch yildan buyon Davlatimiz rahbari tomonlaridan olib borilayotgan siyosatning asosiy talabi bo‘lib kelib kelmoqda.

Barchangizga ma’lum, Davlat rahbarining topshiriqlariga ko‘ra har haftaning chorshanba kunlari tadbirkorlar muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida “Hokim va tadbirkor” uchrashuvlari o‘tkazib kelmoqdamiz. Mazkur uchrashuvlarda hozirgi kunga qadar 1000 ortiq tadbirkorning murojaatlari ko‘rib chiqildi va ijobiy hal etildi.

Namangan viloyati azaldan tadbirkorlar yurti. Bizning tadbirkorlarga halaqit berilmasa bo‘ldi, o‘zlaring katta loyihalarni amalga oshirishga qodirsizlar. Sizning bunday tadbirkorlik qobiliyatingizga hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlarni, taqdim etilayotgan imkoniyatlarni qo‘shganda, dunyoda siz zabt eta olmaydigan bozor, sizning mahsulotingiz yoki xizmatingiz ma’qul kelmaydigan iste’molchining o‘zi yo‘q. Viloyatimiz iqtisodiyotidagi qishloq xo‘jaligi, engil sanoat, oziq-ovqat sanoati, savdo kabi avvaldan rivojlangan tarmoqlar qatoriga endi qurilish, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, charm-poyabzal sanoati, energetika kabi yangi yo‘nalishlar qo‘shildi.

Yurtboshimizning 2017-2019 yillardagi tashriflari davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida juda katta ulug‘vor vazifalar belgilab berildi.

Bu kabi amalga oshirilayotgan ko‘plab islohotlar va amaliy choralar o‘zining ijobiy natijasini berishni boshladi.

Birgina, tashrif davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida, barcha sohalarda umumiy qiymati 14,7 trln.so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘zlashtirish hisobiga  1,2 mingta loyihalar amalga oshirilib, 26,2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Joriy yil davomida 4,5 mingdan ortiq yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 20 mingdan ortdi.

Kichik biznes viloyat yalpi ichki mahsulotining qariyb 80 foizini hamda sanoat mahsuloti hajmining 76 foizini tashkil etib, 2017 yilga nisbatan solishtirganda mos ravishda 9,6 va  7,6 foizga ortdi.

Viloyat iqtisodi asosan sanoat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, viloyat sanoat tarmog‘ida 35 ta yirik va 5,4 mingdan ziyod kichik biznes sub’ektlari faoliyat yuritmoqda bu ko‘rsatkich 2017 yilga solishtirganda 1,6 mingtaga yoki 30 foizga ortdi, yalpi hududiy mahsulotda sanoatning ulushi 12,0 foizdan  14,5 foizga o‘sdi.

Oxirgi 3 yil davomida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2 martaga o‘sib, aholi jon boshiga 1,4 mln.so‘mdan 2,5 mln.so‘mga etdi.

Sanoat salohiyatini rivojlantirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish Dasturlariga muvofiq 2017-2019 yillar davrida umumiy qiymati 13,2 trln. so‘mlik 1 066 ta yangi korxonalar tashkil etilib, 25 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda engil sanoat, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari sohalarida ustuvorlik kuzatilmoqda.

Tarmoqlar ulushi bo‘yicha 2017 yilda engil sanoat 37,4 foizni va oziq ovqat sanoati 31,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda engil sanoat tarmog‘i ulushi 48,7 foizni va oziq ovqat sanoati 23,6 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, 2017 yilda sanoat korxonalari tomonidan 200 tur atrofidagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, sanoatni diversifikatsiyalash hisobiga bu ko‘rsatkich 2019 yilda 450 dan ortdi.

Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish 4,5 foizni, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ulushi 3,7 foizni va tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish ulushi 3,0 foizni tashkil etib, ushbu yo‘nalishlarda sezilarni o‘sish kuzatildi.

Misol uchun, qurilish materiallari sanoatida “NAMANGAN SEMENT” korxonasi tomonidan qiymati 162 mlrd.so‘mlik umumiy quvvati 250,0 ming tonna sement ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 100 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, farmatsevtika yo‘nalishida "Merrimed Farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 30,0 mln.dollarga yaqin investitsiyalar kiritilishi xisobiga 100 dan ortiq  dori-darmonlari ishlab chiqarilmoqda.

Viloyat sanoatining mutanosib o‘sishi keyingi 2020 yilda ham kuzatiladi. Sanoat maxsulotlari ishlab chiqarish hajmi  2019 yilga nisbatan 1,1 martaga o‘sishi kuzatiladi.

Namangan viloyatini 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 10,3 trln. so‘mlik 511 ta sanoat loyihalari amalga oshirilishi belgilangan.

Viloyatda ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida quvvati 900 MVTli To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektrstansiyasini ishga tushirilishi hududning investitsiya jozibadorligini yanada ortishiga zamin yaratadi.

Viloyat sanoatida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida tayyor maxsulotlar, butlovchi qismlar, xom-ashyo va materiallar ishlab chiqarishni maxalliylashtirishni jadal rivojlantirish asosida ish olib boriladi.

Xususan, 2017 yilda 25,4 mlrd.so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, joriy yilda 100 mlrd. so‘mdan ortiq yoki 4 martaga ko‘proq mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Kelgusi 2020 yilda 198,8 mlrd. so‘mlik 37 turdagi import o‘rnini bosuvchi maxsulot ishlab chiqarilishi belgilab olindi.

Yana bir muhim masala, viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ham katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bugungi kunda sir emas Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xorijiy investorlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlar respublikamizda investitsiya sohasida o‘ziga xos qulay atmosfera xosil qildi.

O‘tgan 10 oy davomida viloyatimiz bo‘yicha jami 91 ta loyihada 224,1 mln.dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilib, 2017 yilga nisbatan solishtirganda esa  32 barobarga o‘sganligini ko‘rish mumkin.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida, viloyatda yuqori saviyada biznes Forumlar o‘tkazildi, jumladan, joriy yil 7-8 iyun kunlari o‘tkazilgan “Invest in Namangan” xalqaro biznes forumiga dunyoning 43 ta mamlakatidan 300 dan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillari tashrif buyurishdi, 16 ta davlat kompaniyalari bilan umumiy qiymati 358,0 mln. dollarga teng 48 ta investitsion kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, joriy yil 13-14 sentyabr kunlari “Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi”da 10 ta xorijiy davlat kompaniyalari bilan umumiy qiymati 92,7 mln.dollarlik 22 ta muhim kelishuvga erishildi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan qator imtiyozga ega erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalar ham viloyatimiz iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega.

Xususan, Namangan erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 333,8 mln. AQSH dollariga (247,1 mln.dollar xorijiy investitsiyalar) teng bo‘lgan 15 ta loyiha amalga oshirish hisobiga 3 890 ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

“Kosonsoy-Farm”da qiymati 47,1 mln.dollarlik 13 ta yirik loyihani foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda 5,4 mln.dollarlik 2 ta loyiha amalga oshirildi va 7 ta loyihada 7,8 mln.dollarlik qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 15 ta kichik sanoat zonalarida bugungi kunga qadar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan umumiy qiymati 327,0 mlrd.so‘mlik 55 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida 3 570 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ushbu loyihalar tomonidan 172,4 mlrd.so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, shundan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar qiymati  146,5 mlrd.so‘mni tashkil etadi.

Viloyat tashqi savdo aloqalari to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu sohada ham sezilarli darajadagi natijalarga erishildi. Xususan, so‘nggi 3 yil mobaynida tashqi savdo aylanmasi hajmi  2,5 mlrd.dollarni tashkil etdi.

Jumladan, shu davr mobaynida 727,0 mln.dollarlik tovar va xizmatlar eksportga chiqarilib, bu ko‘rsatkich avvalgi 3 yillikka nisbatan 1,7 martaga ortishiga erishildi.

Ayniqsa meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarishdagi to‘siq va noqulayliklarni bartaraf etish hisobiga viloyatda meva-sabzavotlarni eksportga chiqarish keskin ortishiga erishildi. Bundan 3 yil avval bir yilda 76 mln.dollarlik meva-sabzavotlar eksportga chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oy yakuni bilan  118 mln.dollarlik meva-sabzavotlar eksportga chiqarildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 155 mln.dollarga etishi kutilmoqda.

Hukumatimiz tomonidan eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hisobiga eksport faoliyatini olib boruvchi korxonalar soni ham keskin ko‘paydi. Xususan, 2016 yil yakuni bilan viloyat bo‘yicha 166 ta korxona eksport faoliyatini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda eksportyor korxonalar soni  362 taga etdi yoki 2,2 martaga ortdi.

Viloyat eksportini diversifikatsiyalash sohasida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Hususan, so‘ngi 3 yil mobaynida viloyat bo‘yicha avvalari eksportga chiqarilmagan 26 turdagi mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilib, umumiy eksprtga chiqarilayotgan tovarlar turi 70 taga etdi.

Mahsulotlarni eksportga chiqarish geografiyasini kengaytirish hisobiga 48 ta davlatlarga eksport yo‘lga qo‘yildi, shundan so‘nggi 3 yil davomida 7 ta Evropa va Yaqin sharq davlatlariga (Livan, Ummon, Iroq) ilk marotaba eksport yo‘lga quyildi. Xususan, Portugaliyaga (teri mahsulotlari), Ozarbayjonga (meva-sabzavot va shuruplar), Iroqga (quritilgan mevalar), Marokashga (kostyum-shimlar), Livanga (yong‘oq) va Ummonga (meva-sabzavotlar) ilk marotaba eksport qilindi.

Viloyatdagi bo‘sh turgan er uchastkalarining elektron savdosi Vazirlar Mahkamasining 493-sonli qarori asosida “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilib, 2019 yil 10 oy davomida jami 17,3 gektarni egallagan 243 ta er maydoni 912 ta ish o‘rin yaratish va 67,4 mlrd.so‘m investitsiya kiritish sharti bilan sotildi.

Viloyatimizda bo‘sh turgan 56 ta davlat mulki ob’ektlari “Elektron-onlayn auksionlarida investorlar tomonidan 1 yil davomida 16 440 mln. so‘mmiqdorida investitsiya kiritish va 781 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 921 mln. so‘m qiymatda sotildi.

Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni, klasterlar va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar doirasida ko‘zda tutilgan loyihalarga tijorat banklari tomonidan 2019 yil 10 oyligi davomida 3,8 trln.so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 martaga ortdi. Shundan ajratilgan imtiyozli kreditlar miqdori 1 trln.so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, viloyat tijorat banklari tomonidan xorijiy kredit liniyalari hisobidan 2019 yil 10 oy davomida 585 ta loyihaga 57,3 mln. dollar miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan joriy yil 10 oyligi davomida 588 ta loyihalar uchun 454,9 mlrd. so‘mdan ortiq kreditlar bo‘yicha moliyaviy yordamlardan foydalanildi. (shundan kafillik 140,6 mlrd.so‘m kompensatsiya 313,5 mlrd.so‘m).

Shuningdek, viloyatimizda keyingi yillarda agrar sohani modernizatsiyalash, yangi texnika va tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish tarkibini tubdan yangilash, uni o‘zgartirish va diversifikatsiyalash bo‘yicha Muhtaram Prezidentimizning hamda Vazirlar Mahkamasining bir qator qaror va farmoyishlari bilan mustaxkamlanib kelmoqda.

Viloyatda bugungi kunda paxta etishtirishda 4 ta klaster korxonasiga 8 ta tuman biriktirib berilgan bo‘lib, g‘allachilikda esa 2020 yildan boshlab 2 ta klaster korxonasiga 3 ta tuman biriktirildi.

 Bundan tashqari Turkiya davlatining “Altintoprak Pamuk Tekstil” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Art Soft Holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, ushbu o‘zaro anglashuv memorandumida 30 mln. AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish va chuqur qayta ishlash, urug‘chilik sohasini rivojlantirish, issiqxona komplekslarini barpo etish rejalashtirildi.

“Art Soft Holding” MCHJ tarkibiga 18 ta qo‘shma korxonalar tashkil etish evaziga 2019-2022 yillarda 114,2 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa sohalarda xam klaster korxonalarini tashkil etish va faoliyat yuritishlari uchun etarli sharoitlarni yaratib berish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Hurmatli tashabbuskor tadbirkorlar !

Yurtboshimizning so‘nggi 4 oy davomida kichik biznesni yanada rivojlantirish masalasida 4 marotaba selektor yig‘ilishi o‘tkazganliklari masalaning nechog‘li dolzarb ekanligini ko‘rsatadi.

Biroq, shunga qaramasdan tadbirkorlikni yanda rivojlantirishda barcha to‘siq va g‘ovlarga to‘liq barham berilmagan. Joylarda hokimliklar, davlat organlari idoralari iqtisodiyotimizning ushbu muhim yo‘nalishiga etarli e’tibor bermayaptilar.

Ayniqsa, tadbirkorlarga er, bino va inshoot, kredit ajratish, xom-ashyo bilan ta’minlash, kommunikatsiya tizimlariga ulanishga ruxsatnoma berishda byurokratiya kuchlilik qilmoqda.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish Bosh vazir qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni taxlil qilinganda murojaatlarning 547 tasi yoki 33 foizi kredit, 544 tasi yoki 32,8 foizi er ajratish hamda 84 tasi yoki 5 foizi muhandislik-kommunikatsiyasiga bog‘liq masala ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bir necha  kun avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Miromonovich Mirziyoev Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida yana bir bor yig‘ilish o‘tkazdilar.

Mazkur yig‘ilishda barcha mansabdor rahbarlar “Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, elkadosh va madadkormiz!” – degan bosh g‘oyani o‘zida aks ettirishi, “Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin”, – degan fikrni barcha birdek anglab olishi zarurligini ta’kidladilar.

Tadbirkorlikka ko‘mak beruvchi mas’ul idoralar tadbirkorga xizmat qiladi, bunda har bir idoraning kun tartibida ustuvor masala – tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini tezkor hal etish bo‘ladi.

Bundan buyon tadbirkorlar jamiyatda eng asosiy etakchi kuchga aylanib, barcha mahalliy davlat idoralar faoliyatiga baho berish hamda ularning faoliyati, eng avvalo, tadbirkorlarning manfaatlariga xizmat qilishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadilar.

Hurmatli tadbirkorlar !

Sizlarni ishontirib aytamanki kelgusi 2020 yilda ham Muhtaram Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasida barcha zaruriy choralarni ko‘rib boraman.

Har bir loyiha shaxsiy nazoratimiz ostida bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqishdan, to uni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonda bevosita ko‘mak berish birinchi galdagi vazifamizdir.

Bir narsani anglashimiz kerak: Sizning loyihangiz – viloyatimizning ertangi kelajagi va aholimiz farovonligining kafolatidir. Siz tufayli tumanda ishsizlik qisqaradi, daromadlar oshadi, oilalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz turmushidan minnatdor bo‘lib, o‘z yurtida halovat topadi.

Tadbirkorlarni qiynayotgan ikkita muhim masala bor: yer ajratish va kredit berish. Bundan buyon haqiqiy tadbirkor bo‘lish istagida yurganlarga yer ajratish ochiq-oshkora ravishda, barcha uchun teng sharoitlar yaratgan holda, elektron auksion orqali amalga oshiriladi.

Kredit berish tizimi ham soddalashtirilib (viloyat, respublika banklari vakolatlarini tumandagi banklarga berish orqali), ortiqcha qog‘ozbozlik va sarsongarchiliklarga barham beriladi.

Endilikda davlat organlari bilan munosabatlar tekshirish emas, balki tadbirkorlikka faqat va faqat yordamlashish nuqtai nazaridan quriladi; har bir tadbirkorning mulki daxlsiz, hech bir tadbirkordan turli sabablarni vaj qilib, uning mulki tortib olinmasligi yoki buzilmasligi kafolatlanadi. Bunda, tadbirkorlarning mol-mulkiga barcha rahbarlar tomonidan “o‘z shaxsiy tomorqam” degan qarashga barham berish, tadbirkorlar mol-mulki daxlsizligiga to‘liq va vijdonan rioya qilinadi; mahalliy hokimlik idoralari vazifalarini tadbirkorlarga yuklash va ularni homiylikka majburlash amaliyotiga butunlay chek qo‘yiladi.